SEVGI… 01.07.2023 | 20:20 FacebookTwitterTelegram Hijronning ming bitta jabrin totganda sen menga shundoq ham guvohsan sevgi, O‘zga qo‘lin tutib ketsam ham, ammo pinhona sevsam gar gunohsan sevgi. Sendan ming bor qochib yana o‘zingga qaytaman mehr istab bolajon kabi, Ko‘zingni och desa sira gap uqmas ammoki nedandir ogohsan sevgi. Xiyonat qo‘lidan gohi suv ichgan shunchalar sodda-yu omisan nega?! Farhod-u Majnunlar qalbida doim o‘chmas bo‘lib qolgan ardoqsan sevgi. Inson o‘z siyratin anglolmay qolsa ko‘rsatib qo‘yasan o‘z kuching bilan, Ul inson mayli-yu, o‘zgalarga sen aksini ko‘rsatar nigohsan sevgi. Osmonga o‘xshaysan bulut ham o‘zing yomg‘ir-u qorlaring ivitar ko‘nglim, Yor vasli gar bo‘lsa bir bora nasib ko‘ksimga sho‘x esar sabohsan sevgi. Bir ko‘ngil panohi bo‘lmoq mushkulda yasharsan chiroy-u suratga uchib, Turfa dil ichidan bir ko‘ngil tanlab husniga mahliyo sayyohsan sevgi. Hijronlar isitmamni oshirsa nogoh, umidlar bo‘ladi yurak dorisi, O‘zingdan malhamlar topaman men ham eng tabiiy xushifor giyohsan sevgi. Armonlar zanjiri uzilmay ketsa hasratim aritmoq bo‘lasan yana, Xiyonat yurakni ming nimta qilsa o‘zing shifokor-u jarrohsan sevgi. Sendan aziz baxtim topdim ming shukr yosh umrim niholi yashnagin abad, Bekpo‘lat Baxtiyor ko‘ngil to‘rida qadrdon ne’mat-u panohsan sevgi. Bekpoʻlat BAXTIYOR “Jannatim-Onam” toʻplamidan. 2015-yil